Сайт работает в тестовом режиме

Доклады

.

Ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarga dars soatlarining taqsimoti yuzasidan huquqiy maslahat

Keyingi yillarda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan jamiyatda o‘qituvchining nufuzini oshirish, ularni moddiy hamda ma’naviy qo‘llab- quvvatlash maqsadida bir qancha salmoqli va e’tirof etishga arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘qituvchilarning oylik maoshlarining muntazam oshirilishi, qo‘shimcha ustamalar to‘lashnishining joriy etilishi, vazir jamg‘armasining tashkil etilishi bu ezgu amallarning yaqqol isbotidir.

Lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, yangi o‘quv yili oldidan ayrim o‘qituvchilar tomonidan ta’lim muassasalarida dars soatlarining taqsimoti tartibi buzilish holatlari hamda tanish-bilishchilik, qarindoshchilik yoki korrupsion holatlar bo‘layotganligi haqida turli tashkilotlarga murojaatlar tushayotganligi kuzatiladi. Bunga sabab ayrim “uddaburon” maktab direktorlarining noqonuniy hatti-harakatlari bo‘lsa, ayrim hollarda o‘qituvchilarning o‘z huquq va manfaatlarini yetarli darajada bilmasliklari sabab bo‘lmoqda.

Bu borada sizga huquqingiz va ta’lim muassasalarida dars soatlarining taqsimoti haqida yana bir bor eslatib o‘tamiz.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligining 2020 yilning 20 iyunida 8-mh-son, O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligining 28-son hamda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligining 124/1-sonli “UMUMTA’LIM MUASSASALARIDA SINFLARNI KOMPLEKTLASH HAMDA TARIFIKATSIYA RO‘YXATLARINI SHAKLLANTIRISH TARTIBI TO‘GʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA” (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 30 iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3271)gi qo‘shma qarori mavjud.

Ushbu qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan Nizom asosida umumta’lim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari jadvali muassasaning pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, ma’qullanadi. Kengash qaroriga muvofiq har yili 15-sentabrga qadar o‘qituvchilarga dars soatlari quyidagi ustuvor ko‘rsatkichlarning ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:

-xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;

-o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;

-chet tili va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (Xalq ta’limi vazirligi) tomonidan belgilangan boshqa sertifikatlar);

–TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan o‘qituvchilar;

–asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;

–o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblari;

–respublika bosqichidagi ko‘rik tanlovlarda (yil o‘qituvchisi) sovrinli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;

–oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;

–birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;

–asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari;

–ikkinchi malaka toifaga ega o‘qituvchilar;

–pedagogik yo‘nalish bo‘yicha magistr darajasiga ega o‘qituvchilar;

–belgilangan tartibda o‘z fanidan o‘tkazilgan nazariy va amaliy sinovlar natijasi bo‘yicha a’lo baholarga ega o‘qituvchilar;

–oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar;

–qayta tayyorlash bo‘yicha diplomga ega o‘qituvchilar;

–oliy ta’lim muassasalarining pedagogik yo‘nalish bo‘yicha bitiruvchi bosqich talabalari;

–pedagogik yo‘nalish bo‘yicha xorijiy davlatlarning oliygohlarini bitirgan, biroq diplomi tan olinmagan o‘qituvchilar;

–oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar o‘rta maxsus, professional ma’lumotga ega o‘qituvchilar;

–oliy ma’lumotli o‘qituvchilar bilan ta’minlanguniga qadar umumta’lim muassasasining tegishli mutaxassisligi bo‘yicha rahbar xodimlari.

Umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari zarurat tug‘ilganda qayta taqsimlanishi mumkin.

Yuqoridagi ko‘rsatkichlar ketma-ketligi asosida ustunlikka ega bo‘lgan o‘qituvchilarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanishi tavsiya etiladi.

Shuningdek, eng yuqori dars soati olish imkoniyatiga ega bo‘lgan o‘qituvchining yozma roziligi bilan unga ajratilishi mumkin bo‘lgan dars soatlari boshqa o‘qituvchilarga berilishi mumkin.

 

Siz ushbu Nizom talablarini mukammal o‘rganib, o‘zingizning va hamkasblaringiz haq-huquqlarini himoya qilishingiz mumkin.

Siz faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasasi yoki boshqa ta’lim muassasalarida ushbu Nizom talablariga zid ravishda pedagoglarning huquq va manfaatlari buzilayotganligining guvohi bo‘lsangiz Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilsangiz jamiyatda o‘qituvchi nufuzini oshirishga hamda qonun ustivorligini ta’minlashga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.

 

Sh. Arziqulov, boshqarma mas’ul xodimi.

navoiy_mmtb@xtv.uz
@mmtb
@navoiy_viloyat_mmtb
/MMTB