Yangiliklar
NAVOIYDAGI UMUMTA’LIM MAKTABLARIDA BIRINCHI QO‘NGʻIROQ JARANGLADI
4-sentabr 2023-yil “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida boshlangan bu o'quv yili har galgisidan farqli o'laroq, mustaqilligimizning qutlug' 32 yillik to'yiga hamohangligi bilan ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni vaqtda yurtimiz bo‘ylab barcha ta’lim muassasalarida "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Viloyat hokimi Normat Tursunov, nuroniy otaxonu onaxonlar, keng jamoatchilik vakillari Navoiy shahar, “Farovon” MFYda yangidan qad rostlagan 22-maktabning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat rahbari o‘quvchilar va maktab jamoasini yangi o‘quv yili bilan tabriklar ekan, ularga yuksak marralar sari dadil parvoz etib, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishlarida omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, ilm maskaniga ilk qadam qo‘yayotgan jajji o‘g‘il-qizlarga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ushbu o‘quv muassasasida o‘quvchilar mukammal bilim olishlari, kasb-hunar egallashlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratilgan. Ta’lim dargohi 990-o‘rinli bo‘lib, tadbirkor Abdukarim Saksonov tashabbusi bilan “Jozibali qurilish montaj” MCHJning 23,0 milliard homiylik mablag‘lari evaziga qurilgan.
Viloyatimizning 366 ta maktablarida ushbu bayram tantanali keng nishonlanmoqda.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.