Yangiliklar
Oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish
13-oktabr 2023-yilKarmana tuman Alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan (kar) bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 25-maktab-internatida imkoniyati cheklangan o‘quvchilarni ijtimoiy hayotga tayyorlash va bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, ta’lim muassasasida o‘quvchilarning aqliy, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha darslar, sinfdan tashqari mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
O‘quvchilarni ijtimoiy hayotga tayyorlash va bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish maqsadida 19 ta fan, sport hamda kasb yo‘nalishlarida to‘garaklar tashkil etilgan. Ularda 4-sinfdan boshlab jami 113 nafar o‘quvchilar jalb etilgan. Boshlang‘ich sinflar uchun “Yosh matematiklar”, “Yosh musavvirlar”, “Ifodali o‘qish” va “Yosh dasturchi”, “Robotatexnika” to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, 51 nafar o‘quvchi jalb etilgan.
Bundan tashqari, futbol, voleybol, stol tennisi, engil atletika va basketbol sport to‘garaklariga muntazam qatnashuvchilar 69 nafarni tashkil etadi.
Maktab-internatda o‘quvchilar kun davomida ta’lim-tarbiya va sog‘lomlashtirish ishlari olib borilishini hisobga olib, ushbu sport to‘garaklari dam olish kunlarida ham faoliyat yuritishi yo‘lga qo‘yilganligi ota-onalar va o‘quvchilarga manzur bo‘lmoqda.
Shuningdek, hunar egallash istagidagi o‘quvchilar uchun “Tikuvchilik”, “Duradgorlik”, “Yumshoq o‘yinchoq va gul yasash”, “Sartaroshlik”, “Pazandachilik”, “Savatsozlik”, “Kulolchilik” to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
To‘garaklarda o‘quvchilarni ijtimoiy hayotga tayyorlash, ularni kelajakda jamiyatda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashish maqsadida kasbga oid bilim ko‘nikma malakalarini hosil qilish bo‘yicha samarali ishlar olib borilayotganligi tahsinga loyiqdir.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.