Yangiliklar
Qadrli hamyurtlar!
8-dekabr 2023-yilSizlarni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun bilan samimiy muborakbod etaman.
Jonajon yurtimizning bosh Qomusi bugungi kunimiz kafolati, ertangi kunimiz poydevoridir. Konstitutsiya biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo‘llanma, balki g‘urur, iftixor, shu zaminda istiqomat qilayotgan ko‘p millatli xalqimiz uchun mustahkam bir himoyadir.
Mamlakatimizda olib borilayotgan yangiliklar zamirida inson qadr-qimmati va hayoti farovonligi mujassam. Shu yil yurtimizda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy ilohotlar ham “inson qadri” tamoyilini yanada yuksaltirishda mustahkam asos bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham ko‘plab yangiliklar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Bosh Qomusimizda ham ta’lim-tarbiya hamda soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi normalar asosida tizimda yanada ilgari odimlash, yangi marralarni zabt etish imkoni yaratildi. Jumladan, uning 50-moddasida “Har kim ta’lim olish huquqiga ega”, deya belgilab qo‘yildi. Bu kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodni ilm-ma’rifatli, yurtga kamarbasta qilib ulg‘aytirishga, ularning bilimini, malakasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, unda pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan normalar barchamizga cheksiz g‘urur va kuch bag‘ishlab, kasbimizga yanada fidoyilik bilan yondashishni taqozo etadi.
Ushbu shodiyona kunda barchaga tinchlik-xotirjamlik, baxt va omad, sihat-salomatlik tilayman! Har bir kuningiz shodu hurramlik, yangidan-yangi yutuq va muvaffaqiyatlarga boy bo‘lsin!
Ra’no Hayitova,
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.