Yangiliklar
NUROTA TUMANIDAGI MAKTABLARNING FAOLIYATI TAHLIL QILINDI
24-yanvar 2024-yilJoriy yilning 23-yanvar kuni tumandagi 18-IDUMda umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini yaxshilash, sohadagi masalalarni muhokama qilish va bu yo‘nalishda ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R. Hayitova boshchiligida o‘tkazilgan uchrashuvda hududiy bo‘lim mas’ullari, umumta’lim maktablari direktorlari, o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Tumanda 52 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, 13 694 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 1882 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda. O‘tgan o‘quv yilida 775 nafar bitiruvchidan 277 nafari oliy ta’limga qabul qilingan. Ta’lim sifati bo‘yicha 25 ta umumta’lim maktabi qizil toifaga tushib qolgan.
Yig‘ilish davomida quyidagi masalalar muhokama etildi:
“Abuturiyent shtabi” faoliyati;
Bitiruvchilarni umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi darajasi va ta’lim sifati oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar;
O‘quvchi va o‘qituvchilarning chet tillarini bilish darajasi;
Kutubxonalar faoliyati.
Shuningdek, ta’lim maskanlaridagi obodonlashtirish ishlari, sohani korrupsiyadan holi tizimga aylantirish, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda kelgusidagi vazifalar xususida ham so‘z bordi.
Mas’ullarga yig‘ilishda qayd etilgan muammo va kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha reja ishlab chiqish hamda unda belgilangan vazifalar ijrosini nazorat va muhokama qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.