Yangiliklar
O‘TGAN YIL SARHISOBI VA KЕLGUSI REJALAR MUHOKAMA ETILDI
15-fevral 2024-yilNavoiy shahridagi “Ma'naviyat va ma'rifat markazi”da viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 1- hay’at majlisi o‘tkazildi.
Unda boshqarma xodimlari, tuman va shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari boshliqlari, mas’ullari hamda ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirok etdi.
Dastlab yig‘ilganlarga viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining hay’at yig‘ilishi tarkibini hamda 2024-yilga mo‘ljallangan ish rejasi o‘qib eshittirildi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan boshqarma boshlig‘i Ra’no Hayitova so‘zga chiqib, o‘tgan yilda tizimda amalga oshirilgan ishlar hamda 2024-yildagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumot berdi.
Tanqidiy va tahliliy o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy o‘quv yilida tizimda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlarga bevosita to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, sohada yo‘lga qo‘yilayotgan kamchiliklar ham tilga olindi.
Xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga hamda maktab direktorlariga ushbu holatlar takrorlanmasligi yuzasidan zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, majlisda Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik B.Toirov boshchiligida maktab o‘quvchilarining o‘tgan hafta davomidagi darsdagi davomatlari tahlil qilinib, yuqori sinf o‘quvchilari bilan bog‘liq muammoli masalalar va ularning yechimi borasidagi masalalar atroflicha muhokama etildi.
Yig‘ilish davomida “Maktab – ota-ona – mahalla” tamoyili asosida ish olib borishda o‘zining munosib hissasini qo‘shgan bir guruh o‘qituvchilar e’tirof etildi. Xususan, Navoiy shahar 13-maktab direktori A.Usmanova, Karmana tumani 2-maktab direktori T.Xalilova hamda Uchquduq tumani 20-maktab direktori N.Ro‘ziyevalarga Milliy gvardiya Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.