Yangiliklar
UCHRASHUV SAMIMIY O‘TDI
29-aprel 2024-yilTarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvi” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida go‘zal an’anaga aylandi.
Zarafshon shahridagi 13-maktabda tashkil etilgan ota-onalar yig‘ilishi uch avlod vakillari ishtirokidagi diydorlashuv tadbiriga ulanib ketdi.
O‘zaro suhbat va muloqotda mamlakatimizda inson omiliga yuksak e’tibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir a’zosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani ta’kidlandi.
Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimiz hayoti, mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat, nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘quvchi yoshlarga dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.