Yangiliklar
Qadrli maktab bitiruvchilari!
25-may 2024-yil Mana, yana bir o‘quv yili poyoniga yetish arafasida turibdi. Bugun yangrayotgan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari har biringizning yana bir yoshga ulg‘ayganingizdan, katta hayot sari qadam qo‘yayotganizdan darak bermoqda. Ayniqsa, bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun bu nihoyatda hayajonga, unutilmas lahzalarga to‘la daqiqalardir.
Sizlarni beg‘ubor o‘quvchilik davringizni ortda qoldirib, shu yillar davomida qadrdon bo‘lib qolgan maktabingiz, ota-onadek g‘amxo‘r ustozu murabbiylaringiz bilan xayrlashib, ezgu orzu-niyatlar ila hayotingizdagi yana bir mas’uliyatli bosqichga qadam qo‘yayotganingiz bilan samimiy tabriklayman.
Davlatimiz rahbarining bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigini nafaqat, mustaqil hayot ostonasida turgan o‘quvchilarimiz, balki ota-onalar va biz ustozlar ham katta qiziqish hamda zo‘r hayajon bilan tingladik. Mamlakat rahbarining bitiruvchilarga bu qadar g‘amxo‘rligi, e’tibori tahsinga sazovordir.
Bugun viloyatimiz maktablarining 11-sinfini 11872 nafar o‘quvchilar tamomlash arafasida turibdi. Mustaqil hayot sari uchirma bo‘ylayotgan siz aziz o‘quvchilarning har biriningizning o‘z tanlagan yo‘lingiz bor. Bitiruvchilarimizning 624 nafari oltin, 34 nafari kumush medalga da’vogarlik qilayotganligi, bundan tashqari, 730 nafardan ortiq yoshlarimiz hali maktabni tugatmasdanoq muddatidan avval talaba bo‘lganligi, 2138 nafar o‘quvchilarimiz xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritganligi barchamizni birdek quvontiradi.
Ishonamanki, sizlar o‘qib-o‘rganishda davom etib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan fidoyi insonlar bo‘lib yetishasizlar.
Barcha orzu-niyatlaringiz amalga oshsin, mustaqil hayot sari qo‘ygan qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin!
Ra’no Hayitova,
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i.