Yangiliklar
INNOVATSION TEXNOLOGIYALAR OLAMIGA SAYOHAT
5-may 2023-yilNavoiy shahar 8-informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabida “Janubiy Korea ta’lim tizimida: sun’iy intelekt, innovatsion g‘oyalar va smart texnologiyalar olamidan ta’lim samaradorligi sari” mavzusida viloyat seminari tashkil etildi.
Tadbirda Navoiy viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i v.v.b J. Kalandarov umumta’lim maktablarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, innovatsion metodlar asosida dars berish sifatini oshirish, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, dasturlash texnologiyalari orqali o‘z loyihalarini yaratishga yo‘naltirish, o‘quvchilar uyali aloqa telefonlari, kompyuter va planshetlardan unumli foydalanib, o‘z loyihalari asosida sun’iy intelekt va mobil ilovalar yaratishni o‘rgatish asosiy vazifalardan biridir.
Seminar “Innovatsion texnologiyalar olamiga sayohat...” nomli ixtiro ko‘rgazmalari namoyishi bilan boshlandi. “Yer yong‘oq doktor” asari bo‘yicha “Zakovat” intellektual o‘yini, “Entry dasturlash” loyihalari bo‘yicha amaliy hamda “Smart texnologiyalar” mavzusida ochiq darslar, “Tez ter” dasturida “Tez ter va g‘olib bo‘l!” klaviatura mashqi musobaqalari namunali tarzda tashkil etildi.
Shuningdek, Koreya davlatidan tashrif buyurgan vakil Eui Ho Hong tomonidan “NyeoSoCo robotatexnika qurilmasini o‘rganish” bo‘yicha trening tashkil etildi. Jeong Jun Leye ushbu loyihaning mazmun-mohiyati bo‘yicha yig‘ilganlarga ma’ruza qildi.
Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga xorijlik mutaxassislar batafsil javob berdi.
Seminarda viloyatimizning 100 dan ortiq mutaxassis kadrlari ishtirok etib, tajriba almashdi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.