Yangiliklar
Navoiyda “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi
2-sentabr 2025-yil
Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida yangi o‘quv yili boshlandi.
Joriy yilda Navoiy viloyatidagi 369 ta umumta’lim maktabda ham “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, 1-sinfga 21 ming 650 nafarga yaqin o‘quvchi qabul qilindi.
Viloyat hokimi Normat Tursunov Navoiy shahridagi 3-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi mustaqilligimiz bergan imkoniyatlar, yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasi, o‘qituvchilar uchun yaratib berilayotgan qulayliklar haqida to‘xtalib, o‘quvchilarga chuqur bilim olishga, yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan farzandlar bo‘lib voyaga yetishlariga tilak bildirdi.
Viloyatdagi barcha ta’lim muassasalariga qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘asi” topshirildi va “Kelajak darslari” o‘tildi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati