Yangiliklar
“Jasorat maktabi” o‘quvchilari o‘rtasida "Diktant" tanlovi o‘tkazildi
17-oktabr 2025-yil
Bugun Navoiy viloyatidagi “Jasorat maktabi”da tahsil olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida 21-oktyabr – "O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan ikki bosqichli “Diktant” tanlovining viloyat bosqichi Navoiy shahridagi 20022-harbiy qismning “Ma’naviyat markazi”da yuqori saviyada tashkil etildi.
Tanlovni o'tkazishdan asosiy maqsad, yoshlarning davlat tiliga bo‘lgan hurmatini mustahkamlash, yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish va savodxonlikni rag‘batlantirishdan iborat.
Tanlov viloyat Harbiy prokuraturasi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi.
Yakuniy natijalariga ko‘ra, faxrli 1-o'rinni Nurota tumani 2-maktab o'quvchisi Farangiz Choriqulova qo'lga kiritgan bo'lsa, 2-o'rinni Qiziltepa tumani 41-maktab o'quvchisi Behruzbek Namozov egalladi. Faxrli 3-o'rin esa Uchquduq tumani 5-maktab o'quvchisi Madinabonu Sharipovaga nasib etdi.
Tadbir so‘ngida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati