Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

Attestatsiya natijalari: G‘ozg‘on shahri respublika miqyosida peshqadam!

18-dekabr 2025-yil
image

Joriy yil avgust–dekabr oylarida respublika bo‘ylab maktabgacha, umumiy o‘rta hamda maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar ishtirokida o‘tkazilgan attestatsiya — malaka toifa sinovlarining yakuniy natijalari e’lon qilindi.

Mazkur natijalarga ko‘ra, G‘ozg‘on shahri respublika miqyosida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Kuzgi attestatsiya jarayonlarida ishtirok etgan pedagoglarning o‘rtacha ballari hisob-kitob qilinganda, G‘ozg‘on shahri 61,74 ball bilan mamlakat bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.

Ikkinchi o‘rinni esa 61,13 ball bilan Navoiy shahri band etdi.

E’tiborlisi, respublika bo‘yicha tuzilgan eng yuqori 30 talik reytingdan viloyatimizning 7 ta tuman (shahar)i o‘rin oldi. Jumladan: G‘ozg‘on shahri, Navoiy shahri, Navbahor tumani, Zarafshon shahri, Qiziltepa, Uchquduq hamda Tomdi tumanlari.

Ushbu ko‘rsatkichlar viloyat ta’lim tizimida olib borilayotgan tizimli islohotlar, pedagoglar bilim va kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Ta’lim sifatini yuksaltirish, malakali o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan attestatsiya jarayonlarida qayd etilgan bunday yuqori natijalar, o‘z navbatida, ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning bilim darajasi va mas’uliyati tobora oshib borayotganidan dalolat beradi.

Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati

navoiy_mmtb@exat.uz
@mmtb
@navoiy_viloyat_mmtb
/MMTB