Yangiliklar
Yangi bosqichga qadam: maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimi yanada takomillashtiriladi
26-fevral 2026-yil
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Navoiy viloyat bo‘limi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
“Yangi bosqichga qadam: maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimi yanada takomillashtiriladi” mavzusida o‘tgan tadbirda jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, mazkur Farmon maktabgacha ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. Xususan, qamrovni kengaytirish, ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish hamda boshqaruv samaradorligini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Soha mutasaddilari tomonidan Farmonning asosiy yo‘nalishlari, hududlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, kutilayotgan natijalar hamda tizimdagi yangilanishlarning amaliy mexanizmlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Xususan, maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar, pedagog kadrlar salohiyatini mustahkamlash va boshqa masalalari yuzasidan atroflicha javoblar berildi.
Ochiq va shaffof muloqot ruhida o‘tgan anjuman OAV vakillariga Farmon mazmunini chuqurroq anglash, uni keng jamoatchilikka xolis va tizimli yoritish imkonini yaratdi.
Matbuot anjumani yakunida soha vakillari ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, islohotlar jarayonini izchil va tizimli yoritish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati