Yangiliklar
NAVOIYDA “MOLIYAVIY SAVODXONLIK” OLIMPIADASINING VILOYAT BOSQICHI O‘TKAZILDI
15-aprel 2026-yil
Navoiy viloyatida o‘quvchi-yoshlarning moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan “Moliyaviy savodxonlik” olimpiadasining II (viloyat) bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-346-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilib, o‘quvchilarda moliyaviy savodxonlikni oshirish, moliyaviy huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur olimpiadaning viloyat bosqichida hududlardan saralab olingan 25 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, faxrli 1-o‘rin Navoiy shahar Prezident maktabi o‘quvchisi Ro‘ziqulov Bektoshga, 2-o‘rin Zarafshon shahar 13-maktab o‘quvchisi Toyirov Elbekka hamda 3-o‘rin Navbahor tumani 1-maktab o‘quvchisi Daurxanov Jasurbekka nasib etdi.
Taqdirlash marosimida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Z. Niyazov, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari U. Hamidov hamda Fan olimpiadalari markazi mas’ul xodimi I. O‘runovlar ishtirok etdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mazkur olimpiada yoshlarning moliyaviy madaniyatini oshirish, ularni zamonaviy iqtisodiy bilimlar bilan qurollantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati