Yangiliklar
“Zakovat” intellektual o‘yini viloyat bosqichi – bilimlar bellashuvi yakunlandi
21-aprel 2026-yil
Bugun Navoiy shahrida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilaridan iborat bilimdon jamoalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilar mantiqiy fikrlash, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish hamda keng bilim doirasiga ega ekanliklarini amalda namoyon etdilar.
Turnir yakunlariga ko‘ra, Navoiy shahri 15-IDUM jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Zarafshon shahri 8-maktab jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Uchquduq tumani 7-maktab jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Taqdirlash marosimida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zafar Niyazov so‘zga chiqib, g‘olib jamoalarni samimiy muborakbod etdi. U o‘z nutqida ishtirokchilarning bilim va salohiyatini yuksak baholab, ularning respublika bosqichida ham munosib ishtirok etishlariga ishonch bildirdi.
G‘olib va sovrindor jamoalar boshqarma boshlig‘ining diplomlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur intellektual o‘yin yoshlarning bilimga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni izlanishga undash hamda iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati