Yangiliklar

.

Bu yilgi test sinovlari qanday o‘tadi?

11-iyun 2026-yil
image

Hammamizga ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarimiz ta’lim olishlari uchun imkoniyatlar yildan yilga kengaytirilmoqda. Jumladan, Xalqaro yoki milliy sertifikatga ega bo‘lgan abiturientlar sertifikatida olgan ballari asosida tanlovlarda qatnashish imkoniyati berilganligi juda katta yengillikdir. Bugungi kunda viloyatimizda 1000 ga yaqin o‘quvchilarimiz sertifikatlarga ega bo‘lib, imtihonsiz oliy ta’lim tashkilotlariga muddatidan oldin kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan. Ular abiturientlar ro‘yxatiga kirishlari va keyinchalik oliy ta’lim tashkilotlari va yo‘nalishlarini tanlashlari qolgan, xolos. Agarda ular shu jarayonlarda qatnashmasa, o‘qish imkoniyatini qo‘ldan boy berishadi.

            Respublikamiz oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlariga kirish test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi 81-son Farmoniga muvofiq bu yil ham o‘tgan yilgi tartib-qoidalar, ya’ni “avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida o‘tkaziladi.

         Bu qanday amalga oshiriladi? Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan talabgorlar 5-iyundan 25-iyungacha my.uzbmb.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Bunda talabgor fanlar majmuasini (ta’lim yo‘nalishini), test topshirish tilini va test topshirish joyini tanlaydi, xolos. Shu jarayonda talabgorga tegishli bo‘lgan barcha imtiyozlari avtomatik ravishda ko‘rinadi. Agar biror-bir imtiyozi ko‘rinmay qolgan bo‘lsa, bu imtiyozni bergan tashkilot (vazirlik) ka murojaat qilishi lozim. Agar abituriyent tanlagan fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lsa, abituriyent qaysi chet tili ekanligini ham tanlashi shart. Undan tashqari, ayrim ta’lim yo‘nalishlarida ijodiy imtihonlar belgilagan bo‘lsa, abituriyent ijodiy imtihonni topshiradigan ta’lim tashkilotini ham tanlashi zarur. Bu yildan boshlab fanlar majmuasida birinchi fan sifatida chet tili bo‘lsa, B1 darajali sertifikatga ega bo‘lganlar ham ro‘yxatdan o‘ta oladilar va ularga maksimal ballning 75 foizi qo‘shib beriladi. O‘tgan yili B2 daraja talab qilingan edi. Bu ham yangi imkoniyatdir.

         Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda o‘zining telefon raqamidan foydalanganlari ma’qul. Chunki, ro‘yxatdan o‘tishda abituriyentning telefon raqami ma’lumotlarni tasdiqlash vositasi hisoblanadi. Bunda abituriyent tomonidan kiritilgan ma’lumotlarni tasdiqlash uchun abituriyentning telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi va SMS kodni dasturga kiritish orqali ma’lumotlar tasdiqlanadi. Ro‘yxatdan o‘tishda foydalanilgan telefon raqamisiz ma’lumotlarni tasdiqlab yoki o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shuningdek, abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda o‘zi eslab qoladigan xavfsiz paroldan foydalanishi va uni esidan chiqarmasligi maqsadga muvofiq. Agarda abiturient biror-bir kishining telefon raqamidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha telefon egasida ma’lumotlarni o‘chirish yoki o‘zgartirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

         25-iyungacha abiturientga o‘zi kiritgan ma’lumotlarni, masalan, ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim tili, test topshirish joyi, sertifikatidan foydalanishi yoki foydalanmasligi kabi ma’lumotlarini o‘zgartirish huquqi beriladi, bu muddat tugagandan so‘ng esa ma’lumotlarni o‘zgartirish mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qaroriga muvofiq shu yildan boshlab xalqaro “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan SAT imtihonida maksimal ballning kamida 75 foizi, ya’ni 1200 ball va undan yuqori natijani qayd etgan abituriyentlarga fanlar majmuasida matematika va chet tili mavjud yo‘nalishlarga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangan. Buning uchun talabgorlar 2026/2027 o‘quv yili qabul jarayonida imtiyozdan foydalanishlari uchun SAT sertifikatlarini rasmiy platforma orqali 35787 DI kodi bilan Bilim va malakalarni baholash agentligiga yuborishlari lozim. SAT imtihoni natijalari talabgorlar tomonidan “College Board” tashkiloti sahifasi orqali (Score Report) standart tartibda elektron shaklda DI kodi orqali Bilim va malakalarni baholash agentligiga yuboriladi. Natijalar odatda buyurtma rasmiylashtirilgan kundan boshlab 10 kun ichida yetkaziladi. Shu sababli SAT sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlar “College Board” tashkilotiga sertifikatlarini tasdiqlab berishlari uchun buyurtmani tezroq berishlari lozim.

         Odatda test sinovlari 10-iyuldan 25-iyul oralig‘ida o‘tkaziladi. Test sinovi natijalari esa test sinovlari o‘tgan kunning ertasiga har kuni e’lon qilib boriladi.

         Test sinovlari yakunlangandan so‘ng talabgorlarga 5 ta ta’lim yo‘nalishi (muassasasi), ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlashlari uchun yana 15 kun vaqt beriladi. Bu muddat ichida talabgorlar o‘zining olgan ballini oliy ta’lim tashkilotlarining shu yo‘nalishlarida o‘tgan yillardagi o‘tish ballariga qiyoslab, puxta o‘ylab, keyin 5 ta joyni tanlashlari tavsiya etiladi. Shu joyda bir muhim narsani eslatish kerakki, ko‘pgina imtiyozlar birinchi tanlagan joyida amal qiladi. Navoiy viloyatining olis cho‘l hududlari (Konimex, Tomdi, Uchquduq) uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-apreldagi 2925-son qaroriga asosan berilgan imtiyozlar esa Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlari hududidagi oliy ta’lim tashkilotlariga amal qiladi.

         Abituriyentlarning o‘qishga kirgan yoki kirmaganligi haqidagi qarorlar odatda 15 avgustlarda e’lon qilinadi. Kim o‘qishga kirgan bo‘lsa, ularni tabriklaymiz. Qolganlarga esa, o‘sha olgan ballari asosida nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari yoki texnikumlarni tanlash imkoniyati beriladi.

         Barcha abituriyentlarga omad tilaymiz. Omad esa albatta, bilimlilarga kulib boqadi.

 

N.Bekniyozov

Bilim va malakalarni baholash agentligi

Navoiy viloyati bo‘limi boshlig‘i                                            

navoiy_mmtb@exat.uz
@mmtb
@navoiy_viloyat_mmtb
/MMTB