Yangiliklar
Navoiyda “Yil o‘qituvchisi” tanlovining viloyat bosqichi yakunlandi
30-iyul 2026-yil
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 28–30-iyul kunlari respublikaning barcha hududlarida “Yil o‘qituvchisi” tanlovining uchinchi – viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Kasbiy mahorat, bilim va tajribaga ega pedagoglarning o‘zaro tajriba almashish maydoniga aylangan mazkur tanlovda Navoiy viloyatining 11 ta tuman (shahar)idan jami 22 nafar pedagog ishtirok etdi.
Tanlov ishtirokchilari 100 ballik baholash tizimi asosida ikki yo‘nalishda sinovdan o‘tkazildi.
Ma'naviy-ma'rifiy faoliyat yo‘nalishida pedagoglarning shaxsiy rivojlanishi, o‘z ustida ishlashi, ma'naviy-axloqiy va tarbiyaviy faoliyati, sinfdan tashqari ishlari hamda tashabbuslari bo‘yicha tayyorlagan taqdimotlari 20 ballik tizim asosida baholandi. Ushbu taqdimotlar 28–29-iyul kunlari Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazida o‘tkazildi.
Kitobxonlik bo‘yicha test sinovida esa ishtirokchilar tasdiqlangan adabiyotlar asosida tuzilgan 40 ta test savoliga javob berdi. Har bir to‘g‘ri javob 2 balldan, jami 80 ball bilan baholandi. Test sinovlari Navoiy shahridagi “Kelajak markazi”da ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etildi.
Ma'lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, tanlovning har bir tuman (shahar) bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan pedagoglar bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari, ya'ni 576 million 800 ming so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
“Yil o‘qituvchisi” tanlovi pedagoglarning kasbiy salohiyatini namoyon etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda ta'lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati