Yangiliklar
NAVOIY VILOYATI MAKTABGACHA VA MAKTAB TA’LIMI BOSHQARMASIDA NAVBATDAGI HAY’AT YIG‘ILISHI O‘TKAZILDI
17-avgust 2026-yil
Bugun viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida navbatdagi hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda boshqarma boshlig‘i Ra’no Hayitova, boshqarma boshlig'i o‘rinbosarlari, mas’ul xodimlar, boshqarma tasarrufidagi ta’lim muassasalari rahbarlari, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari mas’ullari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishda 2025/2026-o‘quv yilida bilimni baholashning yangi tartibi joriy etilgan umumta’lim maktablarida erishilgan natijalar tahlil qilinib, mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 15–16-fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida umumta’lim maktablarida “Turon” maktab teatri, “Iqtidor” bolalar ansambli hamda “Jadidlar izidan” tanlovlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishda maktablarda tashkil etilgan “Turon” maktab teatri, “Iqtidor” bolalar ansambli va “Jadidlar izidan” to‘garaklarining faoliyati, ularning o‘quvchilarni ijodiy izlanishga jalb etishdagi o‘rni hamda ushbu loyihalarni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish kun tartibidan maktabgacha va maktab ta’limi tizimida tahsil olayotgan o‘quvchilar orasida xalqaro va milliy darajadagi xorijiy til sertifikatlariga ega bo‘lganlar sonini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili ham o‘rin oldi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, ta’lim tizimi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati