Yangiliklar
MAKTABDAN AGRAR SOHAGA ILK QADAM
25-sentabr 2026-yil
Karmana tumanidagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarning agrar sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Maktabdan agrar sohaga ilk qadam” mavzusida seminar tashkil etildi.
Prezidentning 2026-yil 11-apreldagi PQ-135-son qarori ijrosi doirasida maktabda 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab 7–11-sinflarda tabiiy fanlar bo‘yicha 5 ta sinfda variativ o‘quv rejalari joriy etilgan.
Seminarni Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F. Latipov ochib berib, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar haqida so‘z yuritdi.
Seminar davomida biologiya va kimyo fanlaridan mahorat darslari namoyish etildi. Mashg‘ulotlarda zamonaviy pedagogik texnologiyalar va interfaol metodlardan foydalanilib, o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi, kuzatuvchanligi, tajriba asosida xulosa chiqarishi hamda nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lashi uchun imkoniyat yaratildi.
Tadbir yakunida boshqarma bosh metodisti Sh. Rahmonova tomonidan taklif va tavsiyalar berilib, ishtirokchilar bilan fikr almashildi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati