Yangiliklar
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitovaning "O‘qituvchi va murabbiylar" kuni munosabati bilan bayram tabrigi
2-oktabr 2026-yil
Qadrli ustoz va murabbiylar, tarbiyachilar hamda faxriylar!
Avvalo, siz azizlarni, sizlar orqali ta’lim-tarbiya sohasida fidokorona mehnat qilayotgan barcha ustoz va murabbiylar, tarbiyachilar hamda faxriylarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
So‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimiga qaratilayotgan ulkan e’tibor, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzi va obro‘sini yuksaltirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish borasidagi islohotlar barchamizga katta mas’uliyat va yangi marralar sari intilish uchun kuch bag‘ishlamoqda.
Davlatimiz rahbarining ustoz va murabbiylarga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek, “Maktab kelajak bog‘i bo‘lsa, muallim shu maskanda umid nihollarini o‘stiradigan mohir bog‘bondir. O‘qituvchi — mehr daryosi, ezgulik bulog‘i, ma’rifat quyoshidir.”
Darhaqiqat, bugun ustozlarimiz yosh avlod qalbiga ekayotgan ma’rifat va ezgulik urug‘larining samarasi ertaga butun jamiyat taraqqiyotida o‘z aksini topadi.
Viloyatimizda ham ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarning bilim va iqtidorini yuzaga chiqarish, pedagoglarning mehnatini munosib rag‘batlantirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Buning natijasida viloyat bitiruvchilarining davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 52,5 foizni, davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga jami kirish ko‘rsatkichi esa 70,9 foizni tashkil etdi.
Yoshlarimizning xalqaro maydondagi yutuqlari ham e’tiborga molik. Joriy yilda navoiylik o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda 23 ta medal — 3 ta oltin, 9 ta kumush va 11 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar.
Shuningdek, ta’lim sohasida yuqori natijalarga erishgan 29 ta maktab jamoasining 40 foizgacha ustama bilan rag‘batlantirilayotgani, “Yil o‘qituvchisi” tanlovida viloyatning har bir tuman va shahridan g‘olib bo‘lgan 11 nafar pedagogning har biri 616 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlangani ustozlar mehnatiga berilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir.
Aziz ustozlar!
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!
Ra’no Hayitova
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i