Yangiliklar
IQTIDOR - E’TIBOR VA QO‘LLAB-QUVVATLASH BILAN YANADA YUKSALADI
14-oktabr 2026-yil
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova Karmana tumanidagi 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tasviriy san’at va chizmachilik fani o‘qituvchisi Samariddin Eshmatov bilan uchrashdi.
Samimiy muloqot davomida pedagogning ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishildi. Uning san’atga bo‘lgan qiziqishi, kasbiy rivojlanish yo‘lidagi intilishlari va kelgusidagi rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, ijodiy salohiyatni yanada rivojlantirish, o‘quvchilar uchun tasviriy san’at to‘garaklari faoliyatini kengaytirish hamda yosh iste’dodlarni kashf etish masalalariga e’tibor qaratildi. Boshqarma boshlig‘i pedagogning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, uning kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
E’tiborli jihati, Samariddin Eshmatov nafaqat amaliy ijod, balki ilmiy izlanishlar orqali ham rivojlanishni maqsad qilgan. U Navoiy davlat universitetida bakalavriat va magistratura bosqichlarida tahsil olgan, hozirda esa Buxoro davlat pedagogika institutining tayanch doktoranturasida o‘qishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Uning kelgusi maqsadi — tasviriy san’at yo‘nalishida ilmiy darajaga erishish va professor bo‘lish.
Iqtidorli pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy tashabbuslari uchun imkoniyat yaratish va salohiyatini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga yo‘naltirish — ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladigan muhim omillardan biridir.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati