Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
19-oktabr 2026-yil
Ijtimoiy tarmoqlarda Xatirchi tumanidagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishga qabul qilish imtihoniga oid murojaat yuzasidan Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Murojaatda ko‘tarilgan masalalar Xatirchi tumani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi tomonidan avval ham bir necha bor o‘rganilgan. O‘rganishlar natijasida 2026-yil 27-avgust kuni o‘tkazilgan ishga qabul qilish imtihonida mehnat qonunchiligi talablari buzilmagani hamda jarayon amaldagi qonunchilik asosida tashkil etilgani haqida xulosa berilgan.
Shuningdek, murojaatchining farzandi 2026-yil 22-sentabrdan Xatirchi tumanidagi 2-sonli texnikumda tarix fani o‘qituvchisi lavozimida faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi. Ayni paytda 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tarix fani o‘qituvchisi lavozimi bo‘yicha bo‘sh ish o‘rni mavjud emas.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi aholi bandligi sohasidagi vakolatli davlat organi hisoblanadi hamda aholi bandligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.