Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

RASMIY MUNOSABAT

12-may 2023-yil
image

      Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan “Ushbu holatlar Karmana DMTT (Davlat bog‘chasi)ning birida bo‘layotgani aytilmoqda” (Choyni kosada ichayotgan bolalar. Singan stolcha. Chelakdan kosaga suzilayotgan choy) hamda “Direktor va tarbiyachi janjallashganligi aytilmoqda” sarlavhali ma’lumotlar, foto va videolavhalar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

     Mazkur holatlar Karmana tumanidagi 3-sonli davlat MTTga tegishli bo‘lib, 2023-yilning 12-may kuni viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining rahbar va mas’ullari ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotiga borib, tezkorlik bilan atroflicha o‘rganib chiqdi.

   Ushbu 6 ta kuni uzaytirilgan guruhdan iborat bo‘lgan 150-o‘rinli 3-sonli davlat MTT 2019-yilda Investitsiya dasturi asosida to‘liq rekonstruksiya qilingan (yangidan qayta qurilgan) va to‘liq jihozlangan. Tashkilotda tarbiyalanuvchilar uchun  zarur bo‘lgan tegishli shart-sharoitlar mavjud va guruhlar faoliyati qoniqarli tashkil etilgan. Faqat oshxonada ayrim idishlar (qadah (bokal), piyola) yaroqsiz holga kelib qolganligi natijasida, ovqatlanish zalida tarbiyalanuvchilarni ovqatlantirish jarayonida shu holat yuzaga kelgan. Shu bilan birga, tarbiyalanuvchilar ovqatlanayotgan vaqtda ovqatlanish zalidagi bir dona stulni suyanchiq qismi joyidan chiqib ketgan.

  Bundan tashqari, joriy yilning 11-may kuni shu MTTning tarbiyachi yordamchisi D.Faxriyeva o‘zining 2-sinfda o‘qiydigan qizini MTT direktori v.v.b N.Hamrayeva va boshqa mas’ullardan ruxsat so‘ramasdan o‘zboshimchalik bilan MTT binosiga olib kirib, oshxonaga kiritgan paytda MTT direktori tomonidan bu holatga undan tushuntirish so‘ralganda, ular o‘rtasida ayrim tushunmovchiliklar kelib chiqqan.

    Yuqoridagi har ikkala holatlar bo‘yicha foto va videolar MTTning tarbiyachi yordamchisi M.Faxriyeva (D.Faxriyevaning singlisi) tomonidan olingan.
Karmana tuman MMTB tomonidan 12-may kuni MTTning ovqatlanish zaliga zarur bo‘lgan (ta’mirtalab bo‘lib qolganlarining ham o‘rniga) 25 dona stul yetkazib berildi.

    Shuningdek, ushbu MTT autsorsing usulida xizmat ko‘rsatuvchi “Kids maxi food Navoiy” MChJ tomonidan yetkazib beruvchi bilan 10.05.2023 yilda tuzilgan 242/2023-sonli tegishli shartnomaga muvofiq, 3 kun ichida mazkur MTTning 180 nafar tarbiyalanuvchilarini ovqatlantirish uchun zarur bo‘lgan yangi idishlar to‘plami bilan ta’minlanadi.

  Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ta’lim muassasalarida sodir etilayotgan turli holatlarga befarq bo‘lmagan ota-onalar hamda jamoatchilik vakillariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi va kelgusida ham doimiy hamkorlik ishlarini olib borishga tayyor.

Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.

navoiy_mmtb@xtv.uz
@mmtb
@navoiy_viloyat_mmtb
/MMTB