Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

"So‘nggi qo‘ng‘iroq" sadolari jarangladi

25-may 2023-yil
image

Bugun, 25 may kuni yurtimizning barcha maktablarida 2022-2023 o‘quv yili yakunlanib, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari jarangladi.
 

     Ushbu sana maktabni bitirayotgan har bir o‘quvchi uchun juda unutilmas va hayajonli lahzalarga boy bo‘ladi. Sababi 11 yil davomida saboq olgan ustoz-murabbiylari, jonajon sinfdoshlari bilan xayrlashadi. 

   Bugungi kunda viloyatimizda 364 ta umumta’lim maktabi, 6 ta ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi hamda 1 ta Prezident maktabi faoliyat olib boradi.

    Ushbu ta’lim muassasalarida jami 185 815 nafar o‘quvchilar ta’lim-tarbiya olmoqda. Shundan, 2022-2023 o‘quv yilida 10 825 nafar 11-sinf hamda 17 410 nafar 9-sinf bitiruvchilari ta’lim muassasalarini tamomlaydi.

   Bitiruvchilarimizning 575 nafari oltin, 44 nafari kumush medalga da'vogarlik qilayotganligi barchamizni quvontiradi. Bundan tashqari, 206 nafar bitiruvchilarimiz hali maktabni tugatmasdan Oliy ta’lim muassasasiga muddatidan avval talaba bo‘lganligi ham islohotlarning samarasini ko‘rsatib turibdi.

    Joriy yilda ham “Ilmni qadrlang, ilmga intiling” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” maktablarda o‘ziga xos tarzda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.

    Tadbirlar davlatimiz rahbarining bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan tabrigini o‘quvchilarga yetkazish bilan boshlandi.

    Shuningdek, tadbirlarga Oliy Majlis Senati a’zolari, viloyat, tuman (shahar) sektor rahbarlari, mahalliy kengash deputatlari hamda korxona va tashkilot rahbarlari, faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar hamda o‘rnak bo‘ladigan maktabning sobiq bitiruvchilari ishtirok etib, bitiruvchilarga dil izhorlarini bildirishmoqda.

    Bundan tashqari, maktab hayotida faol ishtirok etayotgan, odob-axloqi, intiluvchanligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilarning ota-onalari “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona”, “A’lochi o‘quvchi otasi”, “Bilimli qiz onasi” kabi nominasiyalar bo‘yicha taqdirlanmoqda.

Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.

navoiy_mmtb@xtv.uz
@mmtb
@navoiy_viloyat_mmtb
/MMTB