Yangiliklar
YOZGI SOG'LOMLASHTIRISH MAVSUMI: nimalarga e'tibor berish zarur?
30-may 2023-yil Joriy yilning 30-may kuni Navoiy shahridagi 14-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Takomillashtirilgan “Ilk qadam” o‘quv dasturi asosida yozgi sog‘lomlashtirish mavsumiga tayyorgarlikni tashkil etish va mavsumni mazmunli o‘tkazish” mavzusida viloyat amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman va shaharlardagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan 120 nafardan ortiq pedagog xodimlar ishtirok etdi.
Yozgi sog‘lomlashtirish davri boshlanishi munosabati bilan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mavsumni namunali o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirni viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi J. Kalandarov kirish so‘zi bilan ochib, tizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, yozgi sog'lomlashtirish mavsumini sifatli tashkil etish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ishtirokchilar tashkilotda tashkil etilgan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalaridagi qo'l mehnati asosida yaratilgan yangi didaktik vositalardan foydalanish usullari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishdi.
Seminarda boshqarma sho‘ba mudiri N. Amonova maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yozgi sog‘lomlashtirish davrini to‘g‘ri tashkil etish, bolalarning salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga yo‘naltirilgan ta’limiy-tarbiyaviy jarayon uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida fikr bildirdi.
Mazkur seminarda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yoz mavsumini sifatli tashkil etish usullari amaliy ko‘rsatib berilganligi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati.