Sayt test rejimida ishlamoqda

Tahliliy ma'lumotlar

.

XALQ TAʼLIMI SOHASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLAR XUSUSIDA

Bundan 5-10 yil oldin sizu biz yashab turgan jamiyatda eng ko'p qaysi kasb egalari tahqirlangan, desa hech shubhasiz, ular o'qituvchilar — ziyoli ahli edi. Bu fikr bir qarashda juda bo'rttirilgandek tuyulishi mumkin, biroq ming afsuski, haqiqat ham shunday.

Negaki, qadr-qimmati azaldan ota-onaga tenglashtirilgan, balki undan ortiq sanalgan, barchamizning savodimizni peshlab, aql-hushimizni tanitgan ziyoli ahlini, ustozni ko'cha supurib, odamlarning ostonasigacha tozalashga majbur qilinganidan ortiq tahqir bormikan?!

Yillar davomida ilm olib, maqsadiyu matlabi ziyo tarqatish bo'lgan muallimni maktabdan keng dalaga, g'alla va paxta dalasiga qo'pol bo'lsa ham, podadek haydashdan ham ortiq tahqir bormi?!

Mana shunday achchiq haqiqatlar mujassam bo'lgan yaqin o'tmishni yodga olib, kechagi va bugungi o'qituvchining qadr-qimmatini qiyoslab, bu kunlarni hatto xayolimizga ham sig'dirish mushkul edi. Chunki o'qituvchi bir umr paxta dalasida qolib ketadigandek edi. Ko'chani, odamlarning ostonasini har doim o'qituvchi borib tozalashi kerakdek edi.

Yaratganga shukrki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, adolatli islohotlari, xalq ta'limi sohasiga ko'rsatayotgan cheksiz e'tibor va g'amxo'rligi sohaning rivojiga, shu bilan birga, o'qituvchining jamiyatda, mamlakatda qadr-qimmati, obro'-e'tiborining mustahkamlanib borishiga xizmat qilmoqda.

O'qituvchi nafaqat qishloq xo'jaligi tashvishlaridan, balki mehnat faoliyatidagi turli byurokratik tazyiqlar, qog'ozbozliklardan xalos etildi. O'qituvchi doimiy yuritib borishi uchun ish kunining asosiy qismini sarflaydigan 7 ta hujjat qisqartirilib, 1 ta sinf jurnalini yuritish  qoldirildi.

Oylik maoshlarning nihoyatda kamligi tufayli oilasi va ro'zg'ori tashvishini o'ylab, qancha-qancha ilmli, malaka va tajribali o'qituvchilarimiz o'zining sevimli kasbidan voz kechib ketishga majbur bo'lgani ham haqiqat. So'nggi uch-to'rt yil oralig'ida o'qituvchilarimizni moddiy va ma'naviy rag'batlantirish ustuvor ahamiyat kasb etayotgani ularni yana sharafli kasbiga qaytardi.

Pedagoglarimizning oylik maoshlari 2016-2021 yillar oralig'ida qariyb uch barobarga oshdi. Ya'ni, 2016 yilda maktabning oliy toifali yuqori sinf o'qituvchisining oylik maoshi 1 million 87 ming so'mni tashkil qilgan bo'lsa, bugun oliy toifali o'qituvchining oylik maoshining o'zi, qo'shimcha ustama va boshqa to'lovlarsiz qariyb 3 million so'mni tashkil qilmoqda. O'qituvchining oilasidan, ro'zg'oridan ko'ngli xotirjam bo'lib, faoliyatiga ijodkorona yondashishiga, izlanishiga imkon yaratildi.

Keyingi yillarda o'z sharafli kasbining fidoyisi bo'lgan, ko'p yillik malaka va tajribaga ega pedagog xodimlarning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirnayotgani ham e'tiborga molik.

So'nggi 5 yilda Samarqanddan 40 nafarga yaqin maktab o'qituvchilarimizning “O'zbekiston Respublikasi Xalq o'qituvchisi”,  “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan xalq ta'limi xodimi”,  “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi”,   “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”  va “Shuhrat” medali kabi davlat mukofotlariga sazovor bo'lishdi. Birgina 2020 yilda yana 9 nafar o'qituvchilarimiz ana shunday e'tirofga sazovor bo'lganligi quvonarlidir.

O'tgan o'ttiz yil oralig'ida yurtimiz aholisi bir necha barobar oshganiga qaramasdan so'nggi 20-25 yilda Samarqandda birorta ham yangi maktab qurilmagani qamrovning yildan-yilga ortib ketishiga olib kelgan. Bitta sinfxonadagi o'quvchilarning soni 40-45 nafargacha yetgani ta'lim sifatiga salbiy ta'sir o'tkazmasdan qolmadi. Keyingi yillarda davlat byudjetidan maktablarimizning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, keng ko'lamli bunyodkorlik ishlarini olib borish bo'yicha e'tirofga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda.

Birgina o'tgan yildan butun dunyoda hukm surgan pandemiya sharoitida ham, qanchalik og'ir bo'lmasin, maktab qurilishi va rekonstruktsiya ishlariga milliardlab mablag'lar safarbar etildi. Jumladan, 2020 yilda Samarqand viloyatida 53 ta umumta'lim maktablarda rekonstruktsiya va mukammal ta'mirlash ishlari olib borildi.

E'tiborga molik jihati, Samarqand shahridagi Qorasuv massivida viloyatda o'quvchi o'rnining ko'pligi bo'yicha yagona bo'lgan 1680 o'rinli, uch ming nafardan ortiq o'quvchini o'z bag'riga qamrab olish quvvatiga ega zamonaviy maktab barpo etildi. Ushbu hududda aholining ortib borishini inobatga olib, kelgusida yana shunday maktablar qurish ko'zda tutilgan.

2021 yilda bu boradagi ishlar ko'lami yanada kengaydi. Bugungi kunda investitsiya, “Obod qishloq” davlat dasturlari hamda Prezidentimizning Samarqandga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida Samarqand viloyatida jami 97 ta maktablarda rekonstruktsiya va mukammal ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, 2 ta yangi maktab qurilayotgani tahsinga sazovor.

Xalq ta'limi sohasini rivojlantirish umummilliy harakatga aylangan bugungi kunda uning sifati va mazmuni takomillashtirilib borilmoqda.

 Ayrim fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashgan maktablar soni ham yil sayin ortib bormoqda. E'tibor qaratadigan bo'lsak, 2018/2019 o'quv yilida viloyatimizda ixtisoslashgan maktablar soni 18 tani, 2019/2020 o'quv yilida 24 tani tashkil qilgan.

Joriy yilga kelib ularning soni 60 taga yetdi. Bu, o'z navbatida, maktablarda matematika, fizika, informatika va axborot texnologiyalari, biologiya va kimyo hamda xorijiy tillarni puxta o'qitishni tashkil etishga doir qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlarining izchil ijrosi ta'minlanayotganidan dalolatdir.

 Xalq ta'limi sohasidagi yana bir muhim islohotlardan biri iqtidorli, bilimi va odob-axloqi bilan tengdoshlariga namuna bo'lgan bitiruvchilarga oltin va kumush medallari topshirilishining joriy etilganligi bo'ldi.

O'g'il-qizlarimizning orzu-umidlariga qanot bag'ishlovchi bunday tashabbus o'quvchilar o'rtasida sog'lom raqobatni shakllantirib, intellektual salohiyatli kadrlar tayyorlash tizimida muhim qadamlardan biri bo'ldi. Buni Samarqand viloyati maktablarini oltin va kumush medallar bilan bitirayotgan o'quvchilar sonining yildan-yilga ortib borayotganida ham ko'rish mumkin.

Ya'ni, 2018/2019 o'quv yilida 141 nafar, 2019/2020 o'quv yilida 415 nafar bitiruvchimiz oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan bo'lsa, yakuniga yetayotgan 2020/2021 o'quv yilida ularning soni 645 nafarga (74 dona kumush, 571 dona oltin) yetdi. Ushbu raqamlar oltin va kumush medallar bilan taqdirlangan o'quvchilarimiz safi uch yilda qariyb 5 barobarga ortganini ko'rsatmoqda.

Xorijiy va respublikamizdagi nufuzli oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli ravishda o'qishga qabul qilish bo'yicha tashkil qilinayotgan tanlovlar natijasida maktab bitiruvchilarimizning orasida muddatidan oldin talaba bo'lgan o'quvchilarimiz soni ham ortayotgani quvonarlidir. 2019/2020 o'quv yilida bu ko'rsatkich 23 nafarni tashkil qilgan bo'lsa, joriy o'quv yilida 148 nafar bitiruvchimiz mamlakatimiz hamda jahonning eng nufuzli OTMning talabasi bo'lish baxtiga muyassar bo'ldi.

 Islohotlarning mahsuli — sohadagi erishilayotgan yuksak natijalar haqida ko'p gapirishimiz mumkin. Ammo bu tizimning muammolardan xoli bo'ldi, degani emas. Xalq ta'limi sohasini yanada rivojlantirishda nafaqat o'qituvchining va ta'lim tashkilotlarining zimmasida bo'lgan, balki butun xalq, jamiyat zimmasida bo'lgan vazifalarimiz juda ko'p. Tizimda jamoatchilik nazoratini o'rnatish, ota-onalar hamda ziyolilarimizning mas'uliyatini, daxldorligini oshirish, mavjud muammolarni birdamlikda, hamfikrlikda hal etishga kamarbasta bo'lishimiz lozim. Zero, ta'limning ravnaq topishi baxtli kelajagimiz, ona Vatanimiz taraqqiyotining kafolatidir.

navoiy_mmtb@xtv.uz
@mmtb
@navoiy_viloyat_mmtb
/MMTB